UY-JOY, MULK VA XAVFSIZLIK: RENOVATSIYA ORTIDA QOLAYOTGAN SAVOLLARGA KIM JAVOB BERADI?

«Nurli yo‘l» MFY. Samarqand shahridagi «Nurli yo‘l» mahallasi... Bu yerda renovatsiya jarayoni bilan bog‘liq ishlar olib borilmoqda. Ammo tahririyatga kelib tushgan videolavhalarda aholi yashaydigan hududda og‘ir texnika harakati va kuchli chang ko‘tarilayotgani aks etgan. Eng muhimi — bu hududda odamlar yashaydi. Ularning uyi bor. Mulki bor. Oilasi bor. Va eng muhimi — xavfsiz yashash huquqi bor. Shu bois aholi tomonidan savol qo‘yilmoqda: Aholi murojaatida juda ta’sirchan iltimos bor: «Muhtarama Prezident, ushbu ayanchli holat aks etgan videofaktga o‘zingiz baho berasiz, degan umiddamiz...» Bu so‘zlar ortida odamlarning xavotiri turibdi. Ular: «Uyimiz nima bo‘ladi?» «Mulkimiz qanday himoya qilinadi?» «Kompensatsiya masalasi qanday hal etiladi?» «Qurilish ishlari davrida xavfsizligimiz kim tomonidan ta’minlanadi?» degan savollarga javob kutmoqda.

Shaharni zamonaviylashtirish — tabiiy jarayon. Yangi uylar qurilishi, infratuzilmani yaxshilash, hududni obodonlashtirish — taraqqiyot belgisi. Ammo har qanday rivojlanishning markazida inson turishi kerak. Jurnalistik surishtiruvning asosiy savoli shu. Kim ruxsat bergan? Qachon ruxsat berilgan? Qaysi hujjat asosida? Aholi xavfsizligi bo‘yicha qanday choralar belgilangan? Mulkdorlar bilan qanday kelishuvlar tuzilgan? Kompensatsiya masalasi qanday hal qilingan? Qurilish texnikasi harakati natijasida uy-joylarga zarar yetsa, kim javob beradi? Bu savollar javobsiz qolmasligi kerak.

Renovatsiya haqida gap ketganda faqat qurilishning o‘ziga emas, balki insonning mulkiy huquqlariga ham e’tibor qaratish zarur. Agar mulkdorlar bilan kelishuv bo‘lgan bo‘lsa — uning huquqiy mezonlari qanday? Agar kompensatsiya belgilangan bo‘lsa — uning miqdori va tartibi qanday? Agar ayrim aholi rozi bo‘lmagan bo‘lsa — ularning huquqlari qanday kafolatlangan? Bu savollarga javob berish — jamoatchilikka aniqlik kiritish demakdir.

Tahririyatga kelib tushgan videoda ko‘rinayotgan chang — oddiy tasvir emas. U ortida insonlarning xavotiri bor. Bugun chang. Ertaga nima bo‘ladi? Uy devorlarida yoriq paydo bo‘lsa-chi? Mulkka zarar yetsa-chi? Oila xavfsizligiga tahdid yuzaga kelsa-chi? Kim javob beradi? Shuning uchun aholining murojaati jiddiy o‘rganilishini talab qiladi.

Muhtaram Prezident! «Nurli yo‘l» mahallasi aholisi o‘z murojaati va videomateriallari orqali e’tibor so‘ramoqda. Ular kimnidir ayblashni emas, haqiqat aniqlanishini istamoqda. Ular imtiyoz emas, qonunga asoslangan munosabat kutmoqda. Ular yangi uylarga qarshi emas. Ammo: «YANGI SHAHAR QURILAYOTGAN BO‘LSA, NEGA BIZNING HUQUQLARIMIZ HAM UNUTILMASLIGI KERAK?» degan savolni o‘rtaga qo‘ymoqda.

Tahririyat hech kimni aybdor deb e’lon qilmaydi. Videoda aks etgan holatga huquqiy baho berish — vakolatli organlarning vazifasi. Ammo jurnalistik surishtiruvning vazifasi — jamoatchilik uchun muhim savollarni ochiq qo‘yish. Shu bois: Samarqand viloyati hokimligiga, Samarqand shahri mutasaddilariga, «Samarqand Invest Kompaniyasi» AJga savolimiz bor: «NURLI YO‘L» MAHALLASIDA AHOLINING MULKIY HUQUQLARI VA XAVFSIZLIGI TO‘LIQ TA’MINLANGANMI? Agar — ha bo‘lsa, hujjatlar bilan tushuntirilsin. Agar — muammolar mavjud bo‘lsa, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilsin.

«Nurli yo‘l»dagi videolavha jamoatchilikka bitta katta savolni bermoqda: AHOLI OVOZI PREZIDENTGA ETIB BORDIMI? Bu savolga javobni vaqt ko‘rsatadi. OAV HAQIQAT.UZ esa mazkur masalani jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganishni davom ettiradi. Videofaktlar o‘rganiladi. Hujjatlar teksheriladi. Mas’ul tashkilotlarning munosabati olinadi. Aholi ovozi eshitiladi. Chunki: RENOVATSIYA — FAQAT BINOLARNI YANGILASH EMAS. ENG AVVALO, INSON HUQUQLARINI HIMIYA QILISHTIR.