«NURLI YO‘L» MAHALLASIDA RENOVATSIYA JARAYONI

Rasmiy OAV HAQIQAT.UZ axborot portali joylarga chiqib, aholi murojaatlari ijrosini monitoring qilishda davom etmoqdaAssalomu alaykum, rasmiy OAV HAQIQAT.UZ axborot portali va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini muntazam kuzatib borayotgan qadrli obunachilar!

So‘nggi oylarda Samarqand shahridagi «Nurli yo‘l» mahallasi hududida amalga oshirilayotgan renovatsiya jarayoni, aholining uy-joy masalalari, ularning qonuniy huquq va manfaatlari, shuningdek, belgilangan ishlar ijrosi jamoatchilik e’borida bo‘lib kelmoqda.

Mazkur masala yuzasidan HAQIQAT.UZ tahririyati tomonidan bir necha marotaba joyiga chiqib, aholi va mas’ul tashkilotlar vakillari bilan suhbatlar o‘tkazildi, jurnalistik materiallar hamda videolavhalar tayyorlanib, jamoatchilikka taqdim etildi.

Shu bilan birga, fuqarolar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Bosh prokuratura hamda boshqa vakolatli davlat organlariga yo‘llangan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarning qonuniy tartibda ko‘rib chiqilishi va amaliy ijrosi yuzasidan ham jamoatchilikda qator savollar mavjud.

MUROJAATLAR IJROSI QANDAY NAZORAT QILINMOQDA?

Aynan shu maqsadda HAQIQAT.UZ tahririyati mazkur hududga yana bir bor joyiga chiqib, aholi va mas’ullar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Jurnalistik monitoring davomida fuqarolarning fikr va e’tirozlari eshitildi.

Shuningdek, mahalliy prokuratura hamda renovatsiya jarayoniga mas’ul tashkilot vakillarining pozitsiyasi va tushuntirishlari olindi.

Tahririyat uchun asosiy masala — muayyan shaxs yoki tashkilot faoliyatiga baho berish emas, balki aholi murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarning qonunchilik talablari asosida ko‘rib chiqilishi, berilgan topshiriqlar ijrosining ta’minlanishi va fuqarolarga asoslangan javoblar taqdim etilishini jamoatchilikka ochiq ko‘rsatishdan iborat.

AHOLI ROZILIGI VA RENOVATSIYA TALABLARI

Renovatsiya jarayonida eng muhim masalalardan biri — aholining huquq va qonuniy manfaatlari qanday ta’minlanayotganidir.

Shu munosabat bilan jamoatchilik uchun bir qator savollar dolzarb bo‘lib qolmoqda:

— renovatsiya jarayonida hudud aholisining roziligi qay tartibda aniqlangan?

— aholiga loyiha, uni amalga oshirish tartibi va shartlari to‘g‘risida qanday ma’lumotlar berilgan?

— uy-joylarni buzish va yangi uy-joy bilan ta’minlash jarayonlari qaysi huquqiy asoslarga tayanilmoqda?

— mulkdorlar bilan kelishuvlar qanday tartibda amalga oshirilmoqda?

— kompensatsiya va boshqa qonuniy kafolatlar qay tartibda ta’minlanmoqda?

— renovatsiya jarayonida aholining murojaat va e’tirozlari qanday o‘rganilmoqda?

— mas’ul tashkilotlar tomonidan aholiga berilgan va’dalarning ijrosi qay darajada ta’minlangan?

Bu savollarga aniq va rasmiy javoblar berilishi jamoatchilik ishonchini ta’minlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.

BUGUN SOAT 21:30 DA — OCHIQ MULOQOT

Shu munosabat bilan bugun soat 21:30 da rasmiy OAV HAQIQAT.UZ’ning «HAQIQAT.UZ Jahon ochik axborot» YouTube kanalida «Nurli yo‘l» mahallasi aholisining murojaatlari yuzasidan jonli ochiq muloqot o‘tkaziladi.

Muloqot davomida renovatsiya jarayoniga oid jamoatchilikni qiziqtirayotgan masalalar, aholi murojaatlari, mas’ul tashkilotlarning munosabati va mavjud savollarga oydinlik kiritishga harakat qilinadi.

Xususan, renovatsiya jarayonida aholi roziligi masalasi, qonuniy asoslar, uy-joy va mulk huquqlari, kompensatsiya, murojaatlarni ko‘rib chiqish hamda mas’ul tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ochiq fikr almashiladi.

HAQIQATNI ANIQLASH — JAMOATCHILIK NAZORATINING MUHIM YO‘NALISHI

HAQIQAT.UZ tahririyati o‘z jurnalistik faoliyatida davlat organlari va mas’ul tashkilotlarning rasmiy munosabatlarini ham ochiq manbalar asosida jamoatchilikka yetkazish tamoyiliga amal qiladi. Tahririyatning maqsadi — masalaga bir tomonlama yondashish emas, balki aholi murojaatlari bilan bir qatorda mas’ul tashkilotlarning rasmiy pozitsiyasi, huquqiy asoslari va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarini ham jamoatchilik e’boriga xolisona taqdim etishdir.

Agar jarayonda aniqlangan holatlar bo‘yicha qo‘shimcha rasmiy ma’lumotlar taqdim etilsa, HAQIQAT.UZ ularni ham belgilangan tartibda jamoatchilikka yetkazishga tayyor.

Chunki har qanday renovatsiya jarayonida eng muhim mezonlardan biri — qonun ustuvorligi, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ochiqlik va mas’uliyatdir.

Jamoatchilik savoli ochiq: «Nurli yo‘l» mahallasida renovatsiya jarayoni qonunchilik talablari va aholi manfaatlari asosida qay darajada amalga oshirilmoqda?

Bu savolga javobni joyidagi holat, aholi fikri va mas’ul tashkilotlarning rasmiy munosabati asosida birgalikda kuzatamiz.

Bugun soat 21:30 da — HAQIQAT.UZ YouTube kanalida ochiq muloqot.

Rasmiy OAV HAQIQAT.UZ — ochiqlik, qonuniylik va jamoatchilik nazorati tarafdori.